Ekran o‘lchami:
Shrift o‘lchami:
Universitet hayotidagi muhim yangiliklar, rasmiy e’lonlar va dolzarb ma’lumotlar ushbu bo‘limda muntazam ravishda e’lon qilib boriladi.
Farg‘ona
davlat universiteti ilmiy salohiyatini yuksaltirish va ilm-fan rivojiga munosib
hissa qo‘shish yo‘lida yana bir muhim yutuq qayd etildi. Universitetning
Matematika kafedrasi o‘qituvchisi Topvoldiyev Fayzulla Foziljonovich geometriya
va topologiya yo‘nalishida olib borgan ilmiy izlanishlarini muvaffaqiyatli
himoya qilib, navbatdagi ilmiy natijaga erishdi.
Bugun Mirzo
Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti huzuridagi DSc.03/2025.27.12.FM.01.02
raqamli Ilmiy kengash yig‘ilishida Topvoldiyev Fayzulla Foziljonovichning “Noregulyar
konus egriligi va u bilan bog‘liq tiklash masalalari” mavzusidagi
dissertatsiyasi muhokama qilindi.
01.01.04 – Geometriya
va topologiya ixtisosligi bo‘yicha tayyorlangan mazkur ilmiy ishda
zamonaviy geometriyaning dolzarb nazariy masalalari, noregulyar konus
egriliklarining xossalari hamda ular bilan bog‘liq tiklash muammolarining
matematik yechimlari chuqur tadqiq etilgan. Tadqiqot davomida olingan ilmiy
natijalar geometriya fanining nazariy asoslarini boyitish bilan bir qatorda,
kelgusidagi ilmiy izlanishlar uchun ham muhim metodologik ahamiyat kasb etadi.
Himoya
jarayonida ilmiy kengash a’zolari tomonidan dissertatsiyaning ilmiy yangiligi,
nazariy ahamiyati, tadqiqot metodlarining asoslanganligi va erishilgan
natijalarning ishonchliligi yuqori baholandi. Tadqiqotchining mavzu yuzasidan
bergan batafsil javoblari va ilmiy xulosalari mutaxassislar tomonidan e’tirof
etildi.
Yakuniy ovoz
berish natijalariga ko‘ra, Ilmiy kengash a’zolari tomonidan dissertatsiya 100
foiz ovoz bilan qo‘llab-quvvatlandi va Topvoldiyev Fayzulla Foziljonovichga
falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini berish tavsiya etildi.
Mazkur muvaffaqiyat Farg‘ona davlat universitetida ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish, yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash va xalqaro ilmiy standartlar asosida kadrlar tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlarning amaliy natijasi sifatida e’tirof etilmoqda.

Farg‘ona
davlat universitetida magistratura bosqichi talabalarining ilmiy-tadqiqot
faoliyati samaralarini namoyon etuvchi magistrlik dissertatsiyalari himoyalari
yuqori saviyada davom etmoqda. Navbatdagi himoyalar Tabiiy fanlar hamda Agrar
qo‘shma fakultetlarida tashkil etilib, magistrantlarning ilmiy salohiyati va
tadqiqotchilik mahoratini namoyon etdi.
Tabiiy
fanlar fakulteti Geografiya kafedrasida 70530201 – Geografiya
mutaxassisligi magistrantlarining magistrlik dissertatsiyalari himoyasi bo‘lib
o‘tdi. Himoya jarayonida 10 nafar magistrant o‘z ilmiy-tadqiqot ishlari
natijalarini taqdim etib, tadqiqotlarning maqsad va vazifalari, erishilgan
ilmiy yangiliklar hamda amaliy ahamiyatini batafsil yoritib berdilar.
Taqdimotlar
davomida geografiya fanining dolzarb yo‘nalishlari, hududiy rivojlanish
masalalari, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ekologik muammolar va
ularning yechimlariga oid ilmiy xulosalar keng muhokama qilindi. Shuningdek, tadqiqotlarda
qo‘llanilgan zamonaviy ilmiy-metodik yondashuvlar hamda olingan natijalarni
ta’lim va amaliyotga joriy etish imkoniyatlari komissiya a’zolari tomonidan
yuqori baholandi.
Shu bilan
birga, Agrar qo‘shma fakultetining Tuproqshunoslik kafedrasida 70810202 –
Agrokimyo va 70810203 – Tuproqshunoslik mutaxassisliklari
magistrantlari tomonidan tayyorlangan magistrlik dissertatsiyalari ham
muvaffaqiyatli himoya qilindi.
Himoya
davomida yosh tadqiqotchilar qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirish, tuproq
unumdorligini saqlash va tiklash, zamonaviy agrotexnologiyalarni qo‘llash hamda
ekologik barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan ilmiy ishlari natijalarini
taqdim etdilar. Magistrantlar o‘z tadqiqotlarida ilgari surgan innovatsion
g‘oyalar, amaliy tavsiyalar va ilmiy yangiliklarni puxta asoslab berib, nufuzli
komissiya a’zolarining e’tirofiga sazovor bo‘ldilar.
Ta’kidlash
joizki, magistrlik dissertatsiyalari himoyasi yosh mutaxassislarning ilmiy
salohiyati, tahliliy fikrlashi va mustaqil tadqiqot olib borish ko‘nikmalarini
namoyon etuvchi muhim bosqich hisoblanadi. Himoya jarayonlarida ilgari surilgan
ilmiy g‘oyalar va amaliy ishlanmalar mamlakatimizda ilm-fan, ta’lim va ishlab
chiqarish sohalarini rivojlantirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Farg‘ona davlat universiteti Sotsiologiya va ijtimoiy ish kafedrasida
magistratura bosqichining muhim yakuniy bosqichlaridan biri bo‘lgan magistrlik
dissertatsiyalari himoyasi bo‘lib o‘tdi. Ilmiy muhit va ochiq muloqot ruhida
tashkil etilgan mazkur jarayonda “Ijtimoiy ish” mutaxassisligi bo‘yicha
tahsil olayotgan 5 nafar magistrant o‘zlarining ilmiy-tadqiqot ishlari
natijalarini muvaffaqiyatli himoya qildilar.
Himoya davomida magistrantlar o‘z tadqiqotlarining maqsad va vazifalari,
ilmiy yangiliklari, nazariy asoslari hamda amaliy ahamiyati haqida batafsil
ma’lumot berdilar. Taqdimotlarda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj
qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy xizmatlar sifatini oshirish,
zamonaviy ijtimoiy ish texnologiyalarini amaliyotga joriy etish hamda ijtimoiy
muammolarning samarali yechimlarini ishlab chiqishga qaratilgan masalalar keng
yoritildi.
Yosh tadqiqotchilar tomonidan olib borilgan ilmiy izlanishlarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy islohotlar, aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirish, ijtimoiy xizmatlar ko‘lamini kengaytirish va zamonaviy metodikalarni joriy etish bo‘yicha qator ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqilganligi alohida e’tibor qozondi.

Farg‘ona
davlat universitetida ilm-fan va ta’lim integratsiyasini yanada mustahkamlash,
yosh tadqiqotchilarning ilmiy salohiyatini namoyon etish maqsadida magistrlik
dissertatsiyalari muhokamasi va himoya jarayonlari izchil davom etmoqda. Navbatdagi
ilmiy tadbirlar Filologiya fakultetida adabiyotshunoslik yo‘nalishlari bo‘yicha
tahsil olayotgan magistrantlarning ilmiy izlanishlariga bag‘ishlandi.
Filologiya
fakultetida 70230104 – “Adabiyotshunoslik (o‘zbek adabiyoti)”
mutaxassisligi bo‘yicha magistrlik dissertatsiyalarining muhokamasi bo‘lib
o‘tdi. Mazkur ilmiy anjumanda Davlat attestatsiya komissiyasi raisi, Andijon
davlat universiteti professori S. Mirzayeva, Qo‘qon davlat universiteti
dotsenti B. Hasanova, universitet Faxriylar kengashi raisi va a’zolari
hamda professor-o‘qituvchilar ishtirok etdilar.
Muhokama
davomida magistrantlarning ilmiy-tadqiqot ishlari, o‘zbek adabiyotining dolzarb
masalalariga bag‘ishlangan izlanishlari, ilmiy yangiliklari va amaliy
ahamiyatga ega xulosalari keng tahlil qilindi. Tadqiqotlarda milliy adabiy
merosni o‘rganish, adabiy jarayonlarni zamonaviy ilmiy qarashlar asosida tahlil
qilish hamda o‘zbek adabiyotshunosligini yangi bosqichga olib chiqishga
qaratilgan yondashuvlar alohida e’tibor markazida bo‘ldi.
Mutaxassislar
va komissiya a’zolari tomonidan har bir dissertatsiya yuzasidan ilmiy
fikr-mulohazalar bildirilib, magistrantlarga tadqiqotlarini yanada
takomillashtirish hamda kelgusidagi ilmiy faoliyatlarini samarali tashkil etish
bo‘yicha qimmatli tavsiyalar berildi.
Shuningdek,
Filologiya fakulteti Rus tili metodikasi kafedrasida “Adabiyotshunoslik (rus
adabiyoti)” yo‘nalishi magistratura bosqichi bitiruvchilarining magistrlik
dissertatsiyalari himoyasi boshlandi.
Himoya
jarayonida magistrantlar o‘zlarining ilmiy-tadqiqot ishlari bo‘yicha
tayyorlagan taqdimotlarini namoyish etib, tadqiqotlarning maqsadi va
vazifalari, nazariy asoslari, amaliy ahamiyati hamda erishilgan ilmiy
natijalari haqida batafsil ma’lumot berdilar. Tadqiqotlarda rus adabiyotining
muhim namunalari, adabiy-estetik jarayonlar, badiiy tafakkur evolyutsiyasi va
zamonaviy adabiyotshunoslikning dolzarb masalalari ilmiy nuqtayi nazardan
yoritildi.
Davlat
attestatsiya komissiyasi a’zolari tomonidan har bir ilmiy ish atroflicha ko‘rib
chiqilib, magistrantlarning ilmiy dunyoqarashi, tahliliy fikrlashi va
tadqiqotchilik mahorati yuqori baholandi. Shu bilan birga, yosh olimlarga ilmiy
izlanishlarni davom ettirish, ilmiy maqolalar chop etish va akademik faoliyatni
rivojlantirish yuzasidan tavsiyalar berildi.
Mazkur
muhokama va himoya jarayonlari magistrantlarning ko‘p yillik mehnati,
izlanishlari va ilmiy salohiyatining amaliy ifodasi bo‘lib, adabiyotshunoslik
sohasida yetuk mutaxassislar hamda istiqbolli tadqiqotchilarni tayyorlash
yo‘lidagi muhim bosqich sifatida ahamiyat kasb etadi.

Farg‘ona
davlat universitetida magistratura bosqichi bitiruvchilarining ilmiy-tadqiqot
faoliyati natijalarini sarhisob qiluvchi magistrlik dissertatsiyalari
himoyalari yuqori saviyada davom etmoqda. Navbatdagi himoyalar Sport faoliyati
fakultetining 70112201 – Jismoniy tarbiya va sport mashg‘ulotlari nazariyasi
va metodikasi magistratura mutaxassisligi bo‘yicha tashkil etildi.
Himoya
jarayonida magistrantlar o‘zlarining ilmiy izlanishlari natijalarini Davlat
attestatsiya komissiyasi a’zolariga taqdim etib, tadqiqot mavzularining
dolzarbligi, maqsad va vazifalari, ilmiy yangiligi hamda amaliy ahamiyatini
batafsil yoritib berdilar. Taqdim etilgan ilmiy ishlarda jismoniy tarbiya va
sport mashg‘ulotlarini samarali tashkil etish, sportchilar tayyorgarligini
takomillashtirish, zamonaviy pedagogik va metodik yondashuvlarni amaliyotga
joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Himoya
davomida Davlat attestatsiya komissiyasi a’zolari tomonidan berilgan savollarga
magistrantlar atroflicha va asosli javoblar qaytarib, o‘zlarining ilmiy
tafakkuri, tahliliy yondashuvi hamda mustaqil tadqiqot olib borish
ko‘nikmalarini namoyish etdilar. Dissertatsiya ishlarining nazariy va amaliy
qiymati komissiya tomonidan munosib baholanib, magistrantlarning ilmiy
salohiyati yuqori e’tirof etildi.
Ta’kidlash
joizki, magistrlik dissertatsiyalari himoyasi yosh mutaxassislarning bir necha
yillik ilmiy izlanishlari yakuni bo‘lish bilan birga, ularning kelgusidagi
pedagogik, ilmiy va sport sohasidagi professional faoliyati uchun muhim bosqich
hisoblanadi. Ushbu himoyalar jismoniy tarbiya va sport yo‘nalishida yuqori
malakali, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega kadrlarni tayyorlashda muhim
ahamiyat kasb etmoqda.
Farg‘ona
davlat universiteti jamoasi magistrlik dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli
himoya qilgan va himoya jarayonlarini davom ettirayotgan barcha magistrantlarni
samimiy tabriklaydi hamda ularga ilmiy izlanishlarida ulkan yutuqlar, kasbiy
faoliyatlarida muvaffaqiyat va yangi zafarlar tilaydi.

Farg‘ona davlat universitetida magistratura bosqichi
bitiruvchilarining ilmiy salohiyatini namoyon etuvchi magistrlik
dissertatsiyalari himoyalari yuqori saviyada davom etmoqda. Fizika-matematika
fakultetida tashkil etilgan navbatdagi himoyalar yosh tadqiqotchilarning ilmiy
izlanishlari, innovatsion yondashuvlari va amaliy ahamiyatga ega natijalarini
keng namoyish etish imkonini berdi.
Fakultetda 70540101 – Matematika mutaxassisligi
magistrantlarining magistrlik dissertatsiyalari himoyalari davom etdi. Himoya
jarayonida olti nafar magistrant o‘z ilmiy-tadqiqot ishlari natijalarini taqdim
etib, matematika fanining dolzarb yo‘nalishlari bo‘yicha olib borgan izlanishlari,
erishgan ilmiy natijalari hamda amaliy tavsiyalarini bayon etdilar. Davlat
attestatsiya komissiyasi tomonidan dissertatsiyalar belgilangan mezonlar
asosida ko‘rib chiqilib, magistrantlarning ilmiy tafakkuri, tahliliy yondashuvi
va tadqiqotchilik salohiyati munosib baholandi.
Shuningdek, Fizika kafedrasida 70530501 – Fizika
(yo‘nalishlar bo‘yicha) mutaxassisligi magistrantlarining magistrlik
dissertatsiyalari himoyasi bo‘lib o‘tdi. Himoyada 14 nafar magistrant o‘z
tadqiqot ishlari natijalarini taqdim etib, ilmiy izlanishlarining maqsad va
vazifalari, erishilgan ilmiy yangiliklar hamda amaliy ahamiyatini batafsil
yoritib berdilar.
Taqdimotlar davomida zamonaviy fizika fanining dolzarb masalalari, ilmiy-metodik yondashuvlar, innovatsion tadqiqot usullari va olingan natijalarni ta’lim hamda amaliyotga joriy etish istiqbollari atroflicha tahlil qilindi. Magistrantlarning ilmiy ishlari komissiya a’zolari tomonidan yuqori baholanib, ularning mustaqil tadqiqot olib borish ko‘nikmalari va kasbiy tayyorgarligi e’tirof etildi.
Mazkur himoyalar universitetda ilm-fan va
tadqiqotchilik faoliyatini rivojlantirish, yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash
hamda ularning ilmiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan
sa’y-harakatlarning amaliy natijasi sifatida alohida ahamiyat kasb etadi.
Farg‘ona davlat universiteti jamoasi magistrlik
dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qilgan barcha bitiruvchilarni samimiy
tabriklaydi. Ularga kelgusidagi ilmiy, pedagogik va kasbiy faoliyatlarida ulkan
yutuqlar, yangi kashfiyotlar hamda porloq muvaffaqiyatlar tilaydi.
Yosh tadqiqotchilarning ilmiy izlanishlari mamlakatimiz ilm-fani va ta’lim taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishiga ishonamiz.

Farg‘ona
davlat universitetida magistratura bosqichi talabalarining ilmiy salohiyati va
tadqiqotchilik mahoratini namoyon etuvchi magistrlik dissertatsiyalari
himoyalari yuqori saviyada davom etmoqda. Navbatdagi himoyalar
Pedagogika-psixologiya va san’atshunoslik fakultetida tashkil etilib,
magistrantlarning ilmiy izlanishlari va amaliy natijalari Davlat attestatsiya
komissiyasi tomonidan munosib baholandi.
Pedagogika
kafedrasida 70110101 – Pedagogika nazariyasi va tarixi mutaxassisligi
magistrantlarining magistrlik dissertatsiyalari himoyasi bo‘lib o‘tdi. Himoya
jarayonida 9 nafar magistrant o‘z ilmiy-tadqiqot ishlari natijalarini taqdim
etib, tadqiqotlarning maqsad va vazifalari, erishilgan ilmiy yangiliklar hamda
amaliy ahamiyatini atroflicha yoritib berdilar.
Taqdimotlar
davomida ta’lim tizimini takomillashtirish, pedagogik jarayon samaradorligini
oshirish, zamonaviy ta’lim texnologiyalarini amaliyotga joriy etish kabi
dolzarb masalalarga qaratilgan ilmiy ishlanmalar keng muhokama qilindi.
Magistrantlar tomonidan qo‘llanilgan ilmiy-metodik yondashuvlar, olingan
natijalarning nazariy asoslari va amaliyotga tatbiq etish imkoniyatlari
komissiya a’zolari tomonidan yuqori baholandi.
Shuningdek, fakultetning
Maktabgacha ta’lim yo‘nalishi magistrantlari tomonidan tayyorlangan
magistrlik dissertatsiyalari ham muvaffaqiyatli himoya qilindi. Magistrantlar
maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish, bolalarning intellektual va
ijtimoiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash, ta’lim jarayoniga innovatsion
pedagogik texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan tadqiqotlari natijalarini
taqdim etdilar.
Himoya
jarayonida ilgari surilgan ilmiy g‘oyalar, innovatsion yondashuvlar hamda
amaliy ahamiyatga ega takliflar Davlat attestatsiya komissiyasi a’zolarining
e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Magistrantlarning ilmiy tafakkuri, mustaqil tadqiqot
olib borish ko‘nikmalari va kasbiy tayyorgarligi ularning kelgusida yetuk
mutaxassis va tadqiqotchi sifatida faoliyat yuritishlari uchun mustahkam zamin
yaratishini ko‘rsatdi.
Magistrlik
dissertatsiyalari himoyasi nafaqat ilmiy izlanishlarning yakuni, balki yosh
olimlarning ilm-fan va ta’lim rivojiga qo‘shadigan hissasini namoyon etuvchi
muhim bosqich hisoblanadi. Universitetda yaratilgan ilmiy muhit,
professor-o‘qituvchilarning ko‘magi va magistrantlarning izchil mehnati ushbu
yutuqlarda o‘z ifodasini topmoqda.
Farg‘ona davlat universiteti jamoasi barcha magistrantlarni magistrlik dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qilganliklari bilan samimiy tabriklaydi hamda ularga kelgusidagi ilmiy-pedagogik faoliyatlarida ulkan yutuqlar, yangi ilmiy kashfiyotlar va porloq muvaffaqiyatlar tilaydi.

Farg‘ona
davlat universiteti Sport faoliyati fakulteti Milliy kurash mutaxassisligi
talabasi Maftuna Xolmatova xalqaro sport maydonida yurtimiz sharafini
munosib himoya qilib, navbatdagi ulkan yutuqqa erishdi.
Tojikiston Respublikasida
bo‘lib o‘tgan 6-Osiyo chempionatida Maftuna Xolmatova 48 kilogramm vazn
toifasida ishtirok etib, barcha raqiblarini mag‘lub etgan holda faxrli
1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ushbu yuksak natija sportchimizga chempionatning oltin
medalini taqdim etish bilan birga, O‘zbekiston terma jamoasi hisobiga yana
bir qimmatli g‘alabani olib keldi.
Musobaqa
davomida Maftuna Xolmatova o‘zining yuqori sport mahorati, kuchli iroda va
g‘alabaga bo‘lgan intilishini namoyon etib, xalqaro arenada o‘zbek sport maktabining
salohiyatini yana bir bor isbotladi. Uning ushbu muvaffaqiyati nafaqat
universitetimiz, balki viloyatimiz va mamlakatimiz sport jamoatchiligi uchun
ham katta quvonch va faxr manbai bo‘ldi.
Ta’kidlash
joizki, yosh sportchilarning xalqaro musobaqalarda erishayotgan bunday
yutuqlari mamlakatimizda sportni rivojlantirish, iqtidorli yoshlarni
qo‘llab-quvvatlash va ularning professional mahoratini oshirish borasida olib
borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning amaliy natijasidir.

Farg‘ona
davlat universitetida bitiruvchi kurs talabalari uchun muhim va mas’uliyatli
bosqich hisoblangan bitiruv malakaviy ishlari himoyalari yuqori saviyada
tashkil etildi. Turli fakultet va ta’lim yo‘nalishlarida tahsil olayotgan
talabalar o‘zlarining ko‘p yillik izlanishlari, ilmiy tadqiqotlari hamda amaliy
tajribalari natijalarini malakali komissiya a’zolari huzurida munosib himoya
qildilar.
Jumladan,
Pedagogika-psixologiya va san’atshunoslik fakulteti Inklyuziv ta’lim
kafedrasining “Logopediya” yo‘nalishi bitiruvchi kurs talabalari tomonidan
tayyorlangan bitiruv malakaviy ishlari muvaffaqiyatli himoya qilindi. Himoya
jarayonida talabalar nutq nuqsonlarini bartaraf etish, inklyuziv ta’limni
takomillashtirish hamda zamonaviy pedagogik yondashuvlarni amaliyotga tatbiq
etishga qaratilgan ilmiy izlanishlari natijalarini taqdim etdilar. Ularning
dolzarb mavzulardagi tadqiqotlari va amaliy takliflari komissiya a’zolari
tomonidan yuqori baholandi.
Ayniqsa,
pedagogika yo‘nalishi bitiruvchi kurs talabalari Saidumarova Zarnigor
(Farg‘ona shahar 33-maktab) hamda Mo‘sajonova Gulxumor (Quva tumani
56-maktab) yakuniy sinovlarni muvaffaqiyatli topshirib, o‘zlarining puxta
bilimlari, kasbiy tayyorgarligi va pedagogik mahoratini namoyon etdilar.
Ularning ta’lim jarayonida olgan nazariy bilimlarini amaliy faoliyat bilan
uyg‘unlashtira olganliklari himoya davomida yaqqol ko‘zga tashlandi.
Shuningdek,
universitetning Iqtisodiyot fakulteti, Iqtisodiyot kafedrasi “Iqtisodiyot”
ta’lim yo‘nalishi bitiruvchi kurs talabalari tomonidan tayyorlangan bitiruv
malakaviy ishlari ham muvaffaqiyatli himoya qilindi. Talabalar iqtisodiyotni
rivojlantirish, resurslardan samarali foydalanish, tadbirkorlik faoliyatini
qo‘llab-quvvatlash hamda iqtisodiy jarayonlarni tahlil qilishga oid ilmiy
tadqiqot natijalarini taqdim etdilar. Himoya davomida bildirilgan amaliy
tavsiyalar va innovatsion yondashuvlar komissiya a’zolarining e’tirofiga
sazovor bo‘ldi.

Farg‘ona davlat universitetida “Xalq bilan birga”
umummilliy dasturi doirasida Farg‘ona viloyati hamda Farg‘ona shahar
Kengashlari hamkorligida “Gender tenglikni ta’minlash va xotin-qizlarning
siyosiy partiyalar faoliyatida ishtirokini qo‘llab-quvvatlash” mavzusida davra
suhbati tashkil etildi.
Mazkur tadbir jamiyatda gender tenglik tamoyillarini
qaror toptirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi faolligini
oshirish hamda ularning davlat boshqaruvi va qarorlar qabul qilish
jarayonlaridagi ishtirokini kengaytirishga qaratilgani bilan ahamiyat kasb
etdi.
Davra suhbatida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
deputati Gulshana Xudayarova, partiya mas’ullari, mahalliy Kengash deputatlari,
universitet professor-o‘qituvchilari, talaba-yoshlar hamda faol xotin-qizlar
ishtirok etdilar.
Tadbir davomida mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq
va manfaatlarini himoya qilish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ta’lim
olish va kasbiy rivojlanish uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, shuningdek,
siyosiy partiyalar faoliyatidagi ishtirokini yanada rag‘batlantirish masalalari
muhokama qilindi.
So‘zga chiqqanlar Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida
xotin-qizlarning o‘rni va nufuzi tobora ortib borayotganini, ularning davlat va
jamiyat hayotidagi faol ishtiroki demokratik islohotlarning muhim omillaridan
biri ekanini alohida ta’kidladilar. Shuningdek, yosh qizlarni liderlikka,
tashabbuskorlikka va fuqarolik mas’uliyatini oshirishga yo‘naltirish bugungi
kunning dolzarb vazifalaridan biri ekani qayd etildi.
Muloqot jarayonida ishtirokchilar o‘zlarini
qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, gender tenglikni ta’minlash,
xotin-qizlarning siyosiy va ijtimoiy faolligini kuchaytirish borasida amalga
oshirilayotgan islohotlar yuzasidan atroflicha ma’lumot oldilar. Ochiq va
samimiy ruhda kechgan davra suhbati fikr va tajriba almashish, yangi
tashabbuslarni ilgari surish uchun samarali maydonga aylandi.
Tadbir yakunida xotin-qizlarning jamiyat
taraqqiyotidagi o‘rni va rolini yanada mustahkamlash, ularning siyosiy
jarayonlardagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlash hamda gender tenglik
tamoyillarini keng targ‘ib etish bo‘yicha hamkorlikni izchil davom ettirish
yuzasidan muhim taklif va tavsiyalar bildirildi.
Mazkur uchrashuv “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi
doirasida aholi bilan ochiq muloqotni kuchaytirish, fuqarolarning huquqiy va
siyosiy madaniyatini yuksaltirish hamda xotin-qizlarning jamiyatdagi faolligini
rag‘batlantirishga xizmat qiladigan muhim tadbirlardan biri bo‘ldi.

Farg‘ona
davlat universitetida ilm-fan va ilmiy tadqiqotlar sohasida erishilayotgan
yutuqlar safi yana bir muhim natija bilan boyidi. Universitetning Chet tillari
fakulteti Chet tillari kafedrasi katta o‘qituvchisi Artikova Shaxnoza Maxamadovna
filologiya yo‘nalishidagi ilmiy izlanishlarini muvaffaqiyatli himoya qilib,
navbatdagi ilmiy marrani zabt etdi.
Namangan
davlat chet tillari instituti huzuridagi PhD.03/2025.27.12.Fil.35.02 raqamli
Ilmiy kengash yig‘ilishida tadqiqotchining “Rus, o‘zbek va ingliz
madaniyatlarida xushmuomalalik kategoriyasining lingvopragmatik xususiyatlari
(oila ritorikasi materiali asosida)” mavzusidagi dissertatsiyasi muhokama
qilindi va ilmiy jamoatchilik tomonidan yuqori baholandi.
Mazkur
tadqiqot 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va
tarjimashunoslik ixtisosligi bo‘yicha filologiya fanlari bo‘yicha falsafa
doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun tayyorlangan bo‘lib, unda uch xil
madaniy makon — rus, o‘zbek va ingliz xalqlari muloqot madaniyatida
xushmuomalalik kategoriyasining o‘ziga xos lingvopragmatik jihatlari chuqur
tahlil etilgan.
Dissertatsiyada
oila ritorikasi materiali asosida turli madaniy muhitlarda shakllangan nutqiy
odob, muloqot strategiyalari, kommunikativ xulq-atvor va xushmuomalalik
tamoyillari qiyosiy jihatdan o‘rganilgan. Tadqiqot natijasida uch xalq
madaniyatida oilaviy muloqot jarayonlarida qo‘llaniladigan nutq birliklari,
pragmatik vositalar hamda madaniy qadriyatlarning til orqali ifodalanish mexanizmlari
aniqlangan.
Tadqiqotning
dolzarbligi bugungi globallashuv sharoitida turli madaniyat vakillari
o‘rtasidagi samarali muloqotni ta’minlash, madaniyatlararo kommunikatsiya
jarayonlarini chuqurroq anglash hamda tarjimashunoslik va lingvopragmatika
sohalarini yangi ilmiy natijalar bilan boyitishga xizmat qilishi bilan
izohlanadi.
Himoya
jarayonida Ilmiy kengash a’zolari tomonidan dissertatsiyaning ilmiy yangiligi,
nazariy asoslari, tadqiqot metodologiyasi hamda amaliy ahamiyati alohida
e’tirof etildi. Tadqiqot natijalari tilshunoslik, madaniyatlararo
kommunikatsiya, xorijiy tillarni o‘qitish va tarjimashunoslik sohalarida muhim
ilmiy manba sifatida xizmat qilishi qayd etildi.
Dissertant
tomonidan berilgan ilmiy asoslangan javoblar va tadqiqot natijalarining
ishonchliligi kengash a’zolari tomonidan yuqori baholanib, yakuniy ovoz berish
natijasida dissertatsiya 100 foiz ovoz bilan qo‘llab-quvvatlandi.
Shu tariqa,
Artikova Shaxnoza Maxamadovnaga filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori
(PhD) ilmiy darajasini berish tavsiya etildi.
Mazkur yutuq Farg‘ona davlat universitetida ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish, xalqaro ilmiy standartlarga mos kadrlar tayyorlash va yosh olimlarning ilmiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan izchil ishlarning amaliy natijasi sifatida e’tirof etilmoqda.

Toshkent
shahrida velosport bo‘yicha kattalar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati bo‘lib
o‘tdi. Respublikamizning turli hududlaridan tashrif buyurgan kuchli sportchilar
ishtirok etgan ushbu nufuzli musobaqada Farg‘ona davlat universiteti Sport
faoliyati fakulteti talabalari ham yuqori mahorat va sportga bo‘lgan
sadoqatlarini namoyon etib, faxrli o‘rinlarni egalladilar.
Chempionat
davomida talabalarimiz o‘zlarining puxta tayyorgarligi, matonati va g‘alabaga
bo‘lgan intilishi bilan ajralib turdilar. Ayniqsa, SF 05-23-guruh talabasi Kamron
Yo‘ldoshev musobaqada muvaffaqiyatli ishtirok etib, barcha raqiblarini
ortda qoldirgan holda 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi va chempionlik
shohsupasiga ko‘tarildi.
Shuningdek,
universitetimizning yana bir qator sportchi-talabalari ham sovrindorlar safidan
joy oldilar:
Mazkur
natijalar Farg‘ona davlat universitetida sportni rivojlantirish, yosh
sportchilarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning professional mahoratini
oshirish borasida olib borilayotgan tizimli ishlarning amaliy samarasidir.
Talabalarimizning respublika miqyosidagi musobaqalarda erishayotgan yutuqlari
universitet nufuzini yanada yuksaltirib, yoshlar orasida sog‘lom turmush
tarzini targ‘ib etishga xizmat qilmoqda.
Farg‘ona davlat universiteti jamoasi chempionat sovrindorlarini samimiy muborakbod etadi hamda ularga kelgusi musobaqalarda ham ulkan zafarlar, yangi rekordlar va yuksak marralar tilaydi.

Farg‘ona davlat universiteti delegatsiyasining O‘sh davlat universitetiga tashrifi ikki oliygoh o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqdi. Mazkur tashrif avval imzolangan hamkorlik shartnomasi doirasida amalga oshirilib, ta’lim, ilm-fan va madaniyat yo‘nalishlarida o‘zaro aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Tashrif davomida FarDU professor-o‘qituvchilari O‘shDU tarkibidagi Tabiatshunoslik, jismoniy tarbiya, turizm va agrotexnologiyalar institutida talabalarga maxsus mehmon ma’ruzalarini taqdim etishdi. Ushbu darslar zamonaviy ilmiy yondashuvlar, innovatsion izlanishlar va amaliy tajribalar bilan boyitilgani bilan alohida ahamiyat kasb etdi.
Talabalar uchun tashkil etilgan ochiq muloqotlar esa savol-javoblar, fikr almashuvlar va ilmiy muhokamalar orqali interaktiv ruhda o‘tdi. Bu esa yoshlarning ilmga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirdi.
Hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan talabalar almashinuvi dasturi doirasida talabalar dars jarayonlarida bevosita ishtirok etishdi. Ular nafaqat ta’lim tizimi bilan tanishdi, balki yangi do‘stlar orttirib, madaniy tadbirlarda faol qatnashishdi.
Turli millat vakillarining bir sahnada jam bo‘lishi, milliy kuy-qo‘shiqlar va an’anaviy chiqishlar orqali madaniyatlar uyg‘unligini namoyon etdi. Bu esa ikki xalq o‘rtasidagi do‘stona rishtalarni yanada mustahkamladi.
Tashrif doirasida O‘shDU rahbariyati bilan muhim uchrashuv ham bo‘lib o‘tdi. Xususan, Kursantbek Attokurov bilan olib borilgan muzokaralarda akademik mobillikni kengaytirish, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish va professor-o‘qituvchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Tomonlar yaqin kelajakda quyidagi ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirishga kelishib oldilar:
qo‘shma ilmiy tadqiqotlar va grant loyihalarini ishlab chiqish
talabalar va yosh olimlar uchun almashinuv dasturlarini kengaytirish
zamonaviy ta’lim metodlarini joriy etish bo‘yicha tajriba almashish
mintaqaviy va xalqaro konferensiyalarni birgalikda tashkil etish
Mazkur tashrif O‘zbekiston va Qirg‘iziston oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Farg‘ona davlat universitetida “Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi” kompleks sport musobaqalariga puxta tayyorgarlik ko‘rish masalalariga bag‘ishlangan ishchi guruh yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Mazkur uchrashuv sport musobaqalarini yuqori saviyada tashkil etish, talabalar salomatligini mustahkamlash hamda yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish yo‘lida muhim bosqich bo‘ldi.
Yig‘ilish davomida aprel oyida start oladigan musobaqaning 1-bosqichi — fakultetlararo bellashuvlarga tayyorgarlik masalalari atroflicha muhokama qilindi. Nizom talablariga muvofiq, har bir jarayonni aniq reja asosida tashkil etish, sport tadbirlarining shaffof va adolatli o‘tishini ta’minlash ustuvor vazifa sifatida belgilandi.
Mutasaddilar tomonidan musobaqalarning tashkiliy jihatlari, hakamlik tizimi, ishtirokchilar ro‘yxatini shakllantirish va sport infratuzilmasidan samarali foydalanish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
Talabalar o‘rtasida quyidagi sport turlari bo‘yicha musobaqalarni tizimli tashkil etish rejalashtirildi:
-Voleybol;
-Gandbol;
-basketbol 3x3;
-stol tennis;;
-futbol;
-yengil atletika;
-suzish.
Mazkur bellashuvlar orqali eng iqtidorli sportchi-talabalarni saralab olish hamda universitet terma jamoalarini shakllantirish ko‘zda tutilgan. Bu esa keyingi bosqichlarda munosib ishtirok etish uchun mustahkam zamin yaratadi.
Yig‘ilishda musobaqalarda ishtirok etish tartibiga ham aniqlik kiritildi. Jumladan, quyidagi mezonlarga qat’iy amal qilinishi belgilandi:
faqat kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan talabalar qatnashadi
ishtirokchilar universitet sport klubiga a’zo bo‘lishi zarur
milliy terma jamoa a’zolari musobaqalarda qatnasha olmaydi
Mazkur talablar musobaqalarning adolatli va teng raqobat asosida o‘tishini ta’minlashga xizmat qiladi.
“Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi” nafaqat sport bellashuvi, balki yoshlarning iqtidorini yuzaga chiqarish, jamoaviylik ruhini mustahkamlash va sog‘lom raqobat muhitini yaratish uchun muhim platforma hisoblanadi.
Farg‘ona davlat universitetida boshlangan ushbu tayyorgarlik ishlari kelgusida yuqori natijalar, yangi sport yulduzlari va unutilmas g‘alabalarga zamin yaratishi shubhasiz.

